INSTITUT FAOLIYATIDA YANA BIR YANGILIK

24-02-2020 2676

Institutning ilmiy salohiyatini oshirish va ilmiy izlanish olib boruvchi tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Avtomobil transporti kadrlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutida “Logistika va iqtisodiyot” ilmiy elektron jurnali tashkil etildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning ilm-ma’rifat va ta’limga berayotgan jiddiy e’tibori bilan soha vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlatimizning ustuvor maqsad va vazifalaridan biriga aylanganini alohida ta’kidlashimiz lozim. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlarimizni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga ko‘tarish maqsadida men yurtimizda 2020 yilga “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom berishni taklif etaman”-deb yana bir bora vatanimiz istiqboli ilm, ma’rifat va ta’limni rivojlantirish ekanligini ta’kidlab, aniq vazifalarni quydi.
Institut tomonidan 2020 yil islohotlariga hamohang ravishda raqamli iqtisodiyot sharoitida zamonaviy tarzda tashkil etilgan “Logistika va iqtisodiyot” ilmiy elektron jurnali ilmiy tadqiqot natijalarini tezkor chop etish imkoniyatini berib, professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanish olib borayotgan tadqiqotchilarga keng imkoniyat taqdim etib, transport-logistika va iqtisodiyot sohasini taraqqiyotida ham o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi.
Avtomobil transporti kadrlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti va respublikamizning yetuk olimlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur jurnal xalqaro talablar asosida tashkil etilgan bo‘lib, kelajakda jurnalni bosqichma-bosqich xalqaro ilmiy indeksatsiya qilinadigan jurnallar toifasiga kiritish rejalashtirilgan.