Toshkentdan Qozog‘iston shaharlariga xalqaro avtobus qatnovi soni yana bittaga ortdi

09-01-2019 4302

10-dekabr kuni Qozog‘istonning Turkiston shahridan yo‘lga chiqqan avtobus Toshkent avtovokzaliga yetib keldi. Bu bilan Qozog‘iston Respublikasiga yo‘lga qo‘yilgan muntazam xalqaro avtobus yo‘nalishlari soni 6 taga yetdi.

O’tgan ikki yil ichida ikki mamlakat o‘rtasida «Toshkent – Chimkent», «Toshkent – Olmaota», «Toshkent – Qizilo‘rda», «Nukus – Ushkunur» va «Chirchiq – Ushkunur» muntazam avtobus yo‘nalishlari tashkil qilingan edi.

Yangi ochilgan «Turkiston – Toshkent – Turkiston» xalqaro avtobus yo‘nalishi masofasi 335 kilometr bo‘lib, yo‘nalishga sarflanadigan vaqt 6 soat 40 daqiqani tashkil etadi. Yo‘nalishning harakat jadvali bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasining «Jibek joli» va O’zbekiston Respublikasining «G’isht ko‘prik» chegara maskanlari orqali o‘tiladi.

Mazkur xalqaro avtobus yo‘nalishida O’zbekiston tomondan «O’zavtotrans servis» mas’uliyati cheklangan jamiyati va Qozog‘iston Respublikasi tomonidan «Baqdaulet Servis» kompaniyasi xizmat ko‘rsatadi.

Ushbu yo‘nalishda qatnovlarni har kuni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Yo‘nalish bo‘yicha yo‘l kira haqi tarifi O’zbekiston Respublikasi pul birligida 50 ming so‘m, Qozog‘iston pul birligida 2 ming tenge etib belgilangan.

O’zbekiston avtomobil transporti agentligi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan xalqaro avtobus yo‘nalishlarida avtobuslar harakati jadvaliga rioya etish maqsadida chegara va bojxona nazorat punktlaridan o‘tish jarayoni ustuvor tartibda amalga oshirilmoqda.

Yo‘nalishga chiqayotgan har bir avtobus jiddiy texnik ko‘rikdan, haydovchilar esa tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Avtobuslarning sanitar holati ham nazorat ostida. Qolaversa, mashinalar GPS navigatsiya tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, bu avtotransport vositasini to‘liq nazorat etish imkonini beradi.

 
6122.jpg