“O’zbekistonda transport-logistika infratuzilmalari imkoniyatlarini oshirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi davra suhbati

25-03-2019 921

Transport kommunikatsiya va infratuzilmalarini rivojlantirish savdo-iqtisodiy aloqalarning kengayishida, mamlakatlarga xorijiy investitsiyalarni jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu soha taraqqiyoti iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari rivojida katta ta'sir kuchiga ega. Аyni shu jihatlarni inobatga olib mazkur yo’nalishda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, bugun mamlakatimiz oldida xalqaro savdo va transport logistikasi tizimini shakllantirish, tovarlar va xizmatlarni yetkazib berishning global bozoriga kirib borish, hamda u yerdagi kuchli raqobatga bardosh bera olishdek dolzarb vazifalar turibdi.  

Аvtomobil transporti kadrlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutida “O’zbekistonda transport logistika infratuzilmalari imkoniyatlarini oshirishning dolzarb masalalari” mavzusida bo’lib o’tgan davra suhbatida ayni shu yo’nalishda o’z yechimini kutayotgan muammolar, soha rivojini ortga tortayotgan omillar va kamchiliklar ularni bartaraf etish yo’llari hususida so’z bordi. Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo’mitasi vakillari, Transport vazirligi, Davlat bojxona qo’mitasi xodimlari, yuk va yo’lovchi tashish bilan shug’ullanuvchi kompaniyalar rahbarlari ishtirok etishdi.  

Bugungi kunda mamlakatimizda transport logistikasini rivojlantirish, undagi xizmat turlarini zamonaviylashtirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, “2017 - 2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasi”da transport sohasini rivojlantirish bo’yicha bir qancha vazifalar belgilangan. Bu iqtisodiyotni liberalashtirish, Jumladan:
 
-milliy transport logistika kompaniyalari o’rtasida raqobat darajasini oshirish;
 
-avtomobil parklarini kengaytirish;
 
-yo’l-transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish;
 
-eksportga mo’ljallangan milliy mahsulotlar narxlarini raqobatdosh qilish maqsadida yuklarni bir transportdan boshqasiga qayta yuklash punktlari sonini oshirish;
 
-avtomobil yo’llari holatini yaxshilash va yo’l-transport infratuzilmasini rivojlantirish belgilab o’tilgan.
 
Qolaversa, transport xizmati ko’rsatishni tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish, mulkchilikning barcha shakllaridagi tashuvchilar uchun raqobat muhitini hamda qulay shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek respublikaning transport salohiyatini oshirish maqsadida, 2019 yil 6 martda “Yuk va yo’lovchi tashish tizimini tubdan takomillashtirish chora –tadbirlari to’g’risida” PQ-4230-sonli O’zbekiston Respublikasi Prezidentinig  qarori qabul qilindi. 
 
Davra suhbatida avtotransport xizmatlari sohasini jadal rivojlantirishning mavjud imkoniyatlari va zaxiralaridan to’liq foydalanish. Аvtotransport xo’jaliklarini modernizatsiya qilishni zamonaviy talablar darajasiga ko’tarish, sohaga ilg’or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va intellektual transport tizimlarini yetarli darajada joriy etish. Og’ir yuk tashuvchi avtotransport vositalarining harakatdagi tarkibi parkini yangilash. Mamlakatning avtotransport xizmatlari eksporti va tranzitini oshirish salohiyatining imkoniyatlari va zaxiralaridan to’laqonli foydalanish zarurligi hususida so’z bordi.
Shuningdek, davra suhbatida yuk tashish bilan shug’ullanuvchi kompaniya vakillari ham o’z taklif va mulohazalari bilan ishtirok etishdi. Jumladan ular milliy va xorijiy avtotashuvchilar tomonidan yuklarni O’zbekiston va chet mamlakatlar hududlari orqali olib o’tishda ularga kirish, chiqish va tranzit shartlari to’g’risida muntazam ravishda axborot berish lozimligni, xorijiy va milliy tashuvchilar o’rtasida sog’lom raqobat muhitini shakllantirishda ularga bir xil shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilishi zarurligini ta'kidlab o’tishdi.  
 
Аvtomobil transporti kadrlari malakasini oshirish
va qayta tayyorlash instituti, Matbuot xizmati
Pdf