Chirchiqdan Olmaotaga xalqaro avtobus yo‘nalishi ochildi

14-12-2018 3559

Yurtimiz iqtisodiyotining qon tomiri sanalgan transport infratuzilmasini zamon talablari darajasida tashkil qilish, aholiga yuqori sifatli servis xizmatini ko‘rsatish, yo‘lovchilarni manzillariga o‘z vaqtida xavfsiz yetkazishni tashkil etish borasida O’zbekiston avtomobil taransporti agentligi tomonidan belgilangan reja asosida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yilning yanvar oyidan e’tiboran mamlakatimizni qo‘shni respublikalar bilan bog‘lovchi xalqaro avtobus yo‘nalishlari qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu kabi qatnovlar 1999-yildan buyon mutlaqo to‘htab qolgan edi. Bugun esa nafaqat poytaxt Toshkent shahridan balki talab yuqori bo‘lgan chekka shahar va tumanlardan ham xalqaro avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilmoqda.

03eca313dd1ca45d61960d931d124fe4.jpg

 

Joriy yilning 14-noyabr kunidan e’tiboran Chirchiq-Olmaota yo‘nalishida xalqaro avtobus qatnovining yo‘lga qo‘yilishi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Ushbu yo‘nalishda O’zbekiston tomondan tashuvchi «Uzavtotrans Servis» UK, Qozog‘iston tomonidan esa tashuvchi «O’rda» firmasi xizmat ko‘rsatadi. Yo‘lovchilar bugungi kunda eng zamonaviy va bir qator qulayliklarga ega bo‘lgan “VANHOL” avtobuslarda o‘z manzillariga yetkaziladi. Mazkur yo‘nalish masofasi 818,0 km. bo‘lib qatnovga 16 soatu 30 daqiqa vaqt sarflanadi. Yo‘lkira haqi tashuvchilar tomonidan Chirchiqdan Ushkunur avtostantsiyasigacha – 150 ming so‘m. Ushkunurdan Chirchiqgacha esa – 6 ming tenge qilib belgilangan edi. Ammo, bugungi kunda yo'lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida Chirchiqda yo'l chiptalari 90 ming so'mdan sotilmoqda. Yo‘nalishdagi qatnov “Turkiston” (O’zbekiston), “Qazig‘urt” (Qozog‘iston) nazorat o‘tkazish maskanlari orqali amalga oshiriladi.

Bugungi kungacha O’zbekiston avtomobil taransporti agentligi tomonidan xalqaro avtobus yo‘nalishlari soni 11 taga yetdi. Shulardan 5 tasi Qozog‘iston Respublikasiga “Toshkent-Chimkent” (yanvar oyidan), “Toshkent-Olmaota” (aprel oyidan), “Toshkent-Qizilo‘rda” (iyul oyidan), “Nukus-Ushkunur” (avgust oyidan), “Chirchiq-Ushkunur” (14 noyabrdan) yo‘nalishlarida amalga oshirilmoqda.

Qirg‘iziston Respublikasiga 1 ta “Toshkent-Bishkek” yo‘nalishida joriy yilning may oyidan buyon yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatilmoqda.

Tojikiston Respublikasiga shu kunga qadar 4 ta “Toshkent- Xo‘jand” (may oyidan), “Termiz-Dushanbe” (sentyabr oyidan), “Denov-Dushanbe” (sentyabr oyidan), “Samarqand-Panjikent” (sentyabr oyidan) yo‘nalishlari ochildi.

Rossiya Federatsiyasiga 1ta “Toshkent-Nijniy Novgorod” yo‘nalishida sentyabr oyidan e’tiboran qatnovlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu yo‘nalishlarda kuniga 15-16 ta avtobus xizmatidan o‘rtacha 600-700 ta yo‘lovchi foydalanmoqda. Yo‘nalishlar ochilgandan boshlab 62 000 dan ortiq yo‘lovchilar xalqaro yo‘nalishlarda o‘z manziliga yetkazildi.

Manba: www.autotrans.uz