Ta’lim sohasidagi hamkorlik masalalari muhokamasi

01-01-1970 3174

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligida Buyuk Britaniyaning «Pearson Education Limited» kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida o‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limini rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.

Unda «Pearson Education Limited» kompaniyasining biznes konsultanti Ket Grene (Kath Grenyer) hamda Transport vazirligining xodimlar bilan ishlash boshqarmasi, ta’lim muassasalarini muvofiqlashtirish va rivojlantirish boshqarmasi, Logistika va transport logistikasi markazlarini rivojlantirish boshqarmasi, Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi mutaxassislari hamda Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti rektori va Toshkent avtomobil va yo‘llar kasb-hunar kolleji direktori va boshqalar ishtirok etdi.

Uchrashuvda «Pearson Education Limited» vakili Ket Grene (Kath Grenyer) ishtirokchilarni loyihaning maqsad va vazifalari, kompaniya tomonidan bajarilgan ishlar, istiqbolli rejalar, shuningdek loyihadan kutilayotgan natijalar haqida ma’lumot berdi.

Pearson education limited – ta’lim sohasidagi kompaniya hisoblanadi va muassasalar, hukumatlar hamda bevosita alohida o‘quvchilarga ta’lim mahsulotlari va xizmatlarini taqdim etadi.

Kompaniya oliy ta’lim, oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari, talabalar, savdo-sotiq sohasidagi hamkorlar, oliy ta’lim va biznes texnologiyalari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarining mualliflariga xizmat ko‘rsatadi. Kompaniya Addison-Wesley, Peachpit, Prentice Hall, eCollege, Longman, Scott Foresman va shu kabi boshqa ta’lim media-brendlariga ega.

Uchrashuvda asosiy e’tibor davlat boshqaruvi va logistika mavzulariga qaratildi. Aynan shu yo‘nalishda kadrlar tayyorlash ularning malakasini oshirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, vazirlik mutaxassislari tomonidan O‘zbekistonda transport sohasida kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj va talab, mavjud kadrlarning malakasini oshirish, bu borada milliy ta’lim standartlarining o‘ziga xos jihatlari xususida tushuntirish berildi.

Manba: www.mintrans.uz